Tesla Germaniyada shov-shuvli gigafabrikasini ishga tushirdi (Foto)

Tesla Germaniyada shov-shuvli gigafabrikasini ishga tushirdi (Foto)

Tesla Germaniyada Gigafactory 4 zavodini ishga tushirdi. Gigafabrika Berlin yaqinidagi Gryunxayd qishlog‘ida joylashgan. Reuters xabariga ko‘ra, 22 mart, seshanba kuni birinchi xaridorlar u yerda ishlab chiqarilgan 30 ta mashinani sotib olishgan.

Yevropadagi birinchi Tesla zavodining ochilish marosimida Germaniya kansleri Olaf Shols , Iqtisodiyot vaziri Robert Xabek va Tesla bosh direktori Ilon Mask ishtirok etdi. Gigafabrikada 12 ming ish o‘rni yaratiladi. Kompaniyaning rejalariga ko‘ra, u yiliga 500 mingtagacha avtomobil, shuningdek, akkumulyator va elektr jihozlarini ishlab chiqaradi.

Mask 2019 yilda yangi zavod qurish niyati borligini ma’lum qilgan edi. Tesla’ning rejalari suvning ehtimoliy taqchilligi tufayli atrof-muhit faollarini xavotirga soldi - iqlim o‘zgarishi Germaniyada suv sathining pasayishiga va uzoq vaqt qurg‘oqchilikka olib keldi. Tabiatni muhofaza qiluvchilar zavodga yer osti suvlarini quyish uchun ruxsatnoma berishda global isish oqibatlarini hisobga olmaganlikda ayblanib, Brandenburg hukumatini sudga berishdi. Gigafabrika qurilishi paytida faollar bir necha bor norozilik namoyishlarini o‘tkazdilar.

Tabiatni muhofaza qiluvchilarning da’vosi Tesla uchun birinchisi emas edi. Avvalroq kompaniyani Kaliforniya rasmiylari sudga bergan edi - ular avtomobil ishlab chiqaruvchisini zavodlardan birida qora tanli ishchilarni irqiy kamsitish va ta’qib qilishda ayblagan edi.

Сайтимиз хабарларини Одноклассникидаги саҳифамизда кузатиб боринг!

Мавзу:

#Tesla