Yonilg‘i tejashning oddiy usuli

Yonilg‘i tejashning oddiy usuli

Agar avtomobilingiz 10 soniyadan ko‘proq muddat harakatlanmasdan ishlab tursa, u holda dvigatelni o‘chiring.

Odatda aksariyat yurtdoshlarimizning avtomobili ko‘pincha ortiqcha yonilg‘i sarf qilib bekorga ishlab turadi. Agar avtomobil turg‘un holatda ishlab turganda ko‘p yonilg‘i sarf qilmaydi deb o‘ylasangiz, xato fikrlagan bo‘lasiz.  Chunki so‘nggi yillarda  aksariyat yetakchi ishlab chiqaruvchilar o‘z avtomobillarini tirbandlikda yoki svetoforda to‘xtaganda qo‘shiladigan stop-start tizimi bilan jihozlay boshlaganlari bekorga emas. Agar siz boshqarayotgan transport vositasi ushbu tizim bilan jixozlanmagan bo‘lsa nima qilishingiz mumkin? Ushbu maqolamizda siz bu savolga javob topish bilan birga, avtomobilning yonilg‘i sarfini qanday qilib  birmuncha kamaytirish mumkinligi haqida bilib olasiz.

Agar tirbandlikda yoki svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtaganingizda avtomobilingiz 10 soniyadan ko‘proq bekorga ishlab turishini  oldindan sezsangiz,  o‘t oldirish tizimini o‘chirib turganingiz maqsadga muvofiqdir. Albatta chorrahaning o‘rtasida to‘xtab qolsangiz bunday qilish yaxshi emas.

Lekin avtomobilingiz xavfsiz joyda turganiga ishonch hosil qilgandan keyin  dvigatelni o‘chirsangiz, yonilg‘ining tejalishiga erishasiz. Chunki mutaxassislarning bu borada olib borgan tadqiqotlari natijasiga ko‘ra,  avtomobil  turg‘un holatda  ishlab turgandagiga qaraganda, har gal  uni o‘t oldirish uchun  kamroq yonilg‘i sarflaysiz. To‘g‘ri, aksariyat tajribali haydovchilar har gal dvigatelni yurgizayotganda,  avtomobildagi yonilg‘i sarfi baland bo‘ladi, deb o‘ylashadi. Texnik jihatdan olib qaraganda, to‘g‘ri, lekin faqatgina dvigatelni o‘t oldirganingizdan keyin dastlabki soniyalarda shunday bo‘ladi.

Hinkle Charitable Foundation tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha Xayriya fondining tadqiqotlariga ko‘ra, agar avtomobilingiz turg‘un holatda o‘n soniyadan ko‘proq ishlab tursa, u kuch agregatini tez-tez o‘t oldirish holatiga qaraganda ko‘proq yonilg‘i sarflaydi. Shu bois, benzin yoki dizel yonilg‘isi sarfini sezilarli darajada kamaytirish uchun motorni o‘chiring. Agarda harakatni davom ettirishga tayyor bo‘lsangiz, dvigatelni o‘t oldiring.

Soha mutaxassislarining fikricha, dunyo bo‘yicha har bir haydovchi kuniga o‘rtacha 16 daqiqa vaqtini turg‘un holatda ishlab turgan avtomobilda o‘tkazadi. Bu esa yiliga taxminan, 400-500 ming so‘m yonilg‘i uchun bekorga sarflangan harajat hisoblanadi.

Zamonaviy avtomobillar dvigatellarining ishlashi to‘g‘risida eng keng tarqalgan afsonalarning haqiqat emasligini isbotlovchi uchta dalilni e’tiboringizga havola qilamiz.

1- afsona:

Dvigatel optimal ishlashi uchun qish faslida harakatni boshlashdan oldin bir necha daqiqaga yoki uzoq muddat qizdirish kerak

Noto‘g‘ri. Zamonaviy dvigatellarga ishlashning optimal rejimiga chiqishi uchun uzoq muddat kerak emas. Hattoki qish faslida ham motorning normal ishlashi uchun bir necha soniya talab etiladi.

Bundan tashqari, agar kuch agregatini sovugan holatda o‘t oldirib, past tezlikda harakatlanishni boshlasangiz, dvigatelni ishchi haroratgacha qizishini tezlashtirasiz va motorning normal ishlashi uchun zarur bo‘ladigan katalizator va mashinaning boshqa mexanik qismlarini ham bir vaqtning o‘zida qizdirasiz.

2- afsona:

Dvigatelni har gal o‘t oldirganda, motor bekor ishlab turgandagiga qaraganda ko‘proq yoqilg‘i sarflanadi

Unday emas.  Avtomobil dvigatellari turg‘un holatda ishlab turganda samarasiz ishlaydi.

Mutaxassislarning xabar berishlaricha, motorni o‘t oldirgandan keyin dastlabki 10 soniya, dvigatel bekorga ishlab turganda unchalik ko‘p yoqilg‘i sarflamaydi. Lekin 10 soniya o‘tib bo‘lgandan keyin yoqilg‘i sarfi har safar o‘t oldirgandagiga qaraganda ko‘proq bo‘ladi.

3- afsona:

Dvigatelni bir necha marta ketma-ket o‘t oldirish kuch agregatiga ortiqcha bosim o‘tkazadi va akkumulator quvvatining kamayishiga sabab bo‘ladi.

Noto‘g‘ri. Zamonaviy dvigatellarni tez-tez o‘t oldirish motorning tarkibiy qismiga aytarli darajada ta’sir o‘tkazmaydi. Shuningdek, motorni tez-tez o‘t oldirish vaqtida soz holatdagi akkumulator batareyasi arzimas darajada quvvat sarflaydi. Haqiqatda esa motor bekorga ko‘p muddat ishlab tursa, dvigatelning yemirilishi ko‘payishi mumkin, bu esa kuch agregati ishlash muddatining kamayishiga olib keladi.

Xulosa shuki,  avtomobilingiz dvigateli  turg‘un holatda 10 soniyadan ortiq ishlab turishiga ko‘zingiz yetgan holatlarda uni o‘chirib qo‘ysangiz, nafaqat   mablag‘ingizni tejash, balki o‘zingiz va atrofingizdagi insonlarning salomatligini asrashga ham ulkan hissa qo‘shgan bo‘lasiz.

Bundan tashqari avtomobilingiz kuch agregatlarining  xizmat muddati ham bir necha baravarga oshadi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!